Bugungi kunda kundalik hayotimiz va faoliyatimizning barcha jabhalariga chuqur kirib kelayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq shiddatli rivojlanish tendensiyalari oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan tub burilishlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari sabab, ko‘plab kasb turlarining yo‘qolib ketishi tobora oydinlashmoqda. Bunday tendensiyalar zamon talablariga javob bera oladigan, raqobatbardosh mutaxassis-kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Davlat va jamiyatning muhim qismi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari tizimlarida ham belgilangan vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishi, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga munosib qarshi tura olish qobiliyati bevosita harbiy kadrlarga bog‘liq. 2025-yil 7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” bakalavr yo‘nalishi, “Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati” magistratura mutaxassisligi kursant-tinglovchilari bilan kadrlar buyurtmachilari ishtirokida “Nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Ushbu tadbir bugungi kunda bitiruvchilar xizmat qilayotgan Qurolli Kuchlar tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimlarida psixolog-mutaxassislardan talab etiladigan bilim, ko‘nikma va malakalarni muhokama etish maqsadida tashkil etildi. Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi kadrlar bilan jamlash yo‘nalishi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ta’kidlash lozimki, Jamoat xavfsizligi universiteti Qurolli Kuchlar tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning barcha tizimlariga mutaxassis-kadrlarni tayyorlab bermoqda. Xususan, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” bakalavr yo‘nalishining o‘tgan yilgi bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati kabi organlarga taqsimot asosida yuborildi. Seminar-treningda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tegishli tuzilmalar xizmat faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqib, bugungi kunda psixolog-mutaxassislardan talab etiladigan professional sifatlar haqida keng va atroflicha ma’lumotlar berildi. Kursant-tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.