Psixologik ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimi

Psixologik ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimi

Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli ta’minlash yanada dolzarb vazifaga aylanmoqda. Ayniqsa, mazkur vazifalarni bajaruvchi harbiy xizmatchi va xodimlarning psixologik tayyorgarligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ularning har qanday kutilmagan, xavfli vaziyatlarda ruhiy barqarorligini ta’minlash, jangovar shayligini oshirish, psixologik ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini joriy qilish yuqoridagi maqsadlarga erishishning kafolati hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimlarida ham mazkur yo‘nalishda qator amalga chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatini psixologik ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq Milliy gvardiya Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi tasarrufida Milliy gvardiya faoliyatini psixologik ta’minlash, shaxsiy tarkib va ularning oila a’zolari bilan psixologik ishlarni muvofiqlashtirish hamda boshqarishni amalga oshiruvchi Psixologik ta’minlash markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va uning vazifalari belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida qonunbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 2000 shtat birligidan iborat ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazildi. Inspektor-psixologlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ushbu faoliyatni tarbiyasi og‘ir, xulqida og‘ish kuzatilgan bolalarni tarbiyalash va kuzatish bo‘yicha uslubiy jihatdan ta’minlash Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiyaning Psixologik ta’minlash markazi va Bolalar psixologiyasi markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Psixologik ta’minlash ishlari yo‘nalishidagi muammolarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil etish va ularning yechimlari bo‘yicha asoslangan taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Milliy gvardiya tizimlarida, xususan ta’lim muassasalarida psixologik ta’minlash ishlarini tashkil etishning dolzarb masalalari” ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Ilmiy-amaliy konferensiyada “Profi University” Toshkent filiali rektori, psixologiya fanlari doktori, akademik Shoumarov G‘ayrat Baxramovich “Harbiy xizmatchilar bilan psixologik ishlarni amalga oshirish: buguni va ertasi”, Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti rektori, Xalqaro psixologiya fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi, psixologiya fanlari doktori, professor Baratov Sharif Ramazanovich “O‘zbekistonda psixologik xizmat ko‘rsatish amaliyotining muammolari va istiqbollari”, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugi huzuridagi “Ilmiy tadqiqot” markazi boshlig‘i, psixologiya fanlari doktori (DSc), dotsent podpolkovnik Ravshanov Lochinbek Urinovich “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida psixologik tadqiqotlar olib borish holati: yutuqlar, muammolar va istiqboldagi rejalar”, Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professori, psixologiya fanlari doktori (DSc) Abdullajanova Dilnoza Sultonbekovna “Harbiy tuzilmalar faoliyatini psixologik ta’minlashning supervizorlik istiqbollari”, Jamoat xavfsizligi universiteti Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati mutaxassisligi magistratura tinglovchisi, kapitan Usarov Shuxrat Baxrullayevich “Harbiy xizmatchilar bilan psixologik ishlarni amalga oshirishda psixologik testlarni qo‘llashdagi muammoli masalalar” mavzularida ma’ruza qilishdi.  Ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatini psixologik ta’minlash markazi boshlig‘i, psixologiya fanlari nomzodi, polkovnik Arifxodjayeva Iroda Xojiakbarovna, Universitet professor-o‘qituvchilari, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” va “Psixologiya (sohalar bo‘yicha)” bakalavr yo‘nalishi kursant-talabalari bevosita, Milliy bo‘linmalari psixolog mutaxassislari, ta’lim muassasalari o‘qituvchilar tarkibi, mustaqil izlanuvchilar onlayn tarzda ishtirok etishdi.  Konferensiya yakunida bayon etilgan ilmiy-amaliy asoslantirilgan tavsiyalar va ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida to‘plam chop etilishi hamda psixologik ta’minlash yo‘nalishida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

1562
Chop etish
Text to speech