Bugungi kunga kelib, kiberjinoyatchilikning oldini olish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda 11-mart kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida Universitet Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkil etish bo‘limi hamda Ichki Ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi bilan hamkorlikda Universitet shaxsiy tarkibi bilan “Kiberjinoyatchilikning dolzarb muammolari” mavzularida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i o‘rinbosari kapitan U.Xamroqulov ishtirok etib, harbiylarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish, ularning kiber olamdagi tahdidlarga nisbatan bilim va tushunchasini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda harbiylarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari, bank plastik karta kodlari va boshqa muhim ma’lumotlarni sir saqlash lozimligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali jo‘natilayotgan soxta havolalar va yolg‘on qo‘ng‘iroqlar hamda shubhali ilovalardan ehtiyotkor bo‘lish lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi.