Zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalar yoshlar nigohida

Zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalar yoshlar nigohida

Konferensiya “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish yoʻnalishi boʻyicha 2024-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar asosida yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga faol jalb etish hamda innovatsion va izlanuvchilik qobiliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining ilmiy va innovatsiyalar boʻyicha 2024-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ga asosan tashkil etildi. “Zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalar yoshlar nigohida” mavzusidagi mazkur respublika talabalar ilmiy-amaliy anjumanini oʻtkazishdan asosiy maqsad - yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga faol jalb etish, ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning ilmiy faoliyatiga boʻlgan qiziqishini oshirish, oliy ta'lim muassasalarida “Ustoz-shogird” tizimini yanada takomillashtirishdan iboratdir.
Konferensiya ishida huquqshunoslik, iqtisodiyot va psixologiya fanlari tizimidagi zamonaviy tendensiyalar, yangi oʻzgarishlar va fanlarni sifatli oʻqitishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini faol jalb qilish yuzasidan yoshlarning fikr mulohazalari tinglanib, fanlarning alohida sohalariga doir izlanishlari yuzasidan chuqur munozaralar olib borildi.
Anjumanning yalpi majlisida yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etishning zamonaviy imkoniyatlari va bu borada yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar yuzasidan bir qator ma'ruzalar tinglangan boʻlsa, soʻngra anjuman ishi “Huquqshunoslik sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar – yoshlar talqinida”, “Talabalarning iqtisodiyotning ustuvor sohalarini rivojlantirishdagi ilmiy imkoniyatlari” hamda “Psixologiya sohasidagi ilmiy va innovatsion tadqiqotlar – talaba-yoshlar nigohida” nomli uchta alohida shoʻbalarda davom ettirildi.
Konferensiya davomida respublikamizdagi 30 dan ortiq yetakchi davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalaridan 200 ga yaqin maqolalar kelib tushgan boʻlib, yalpi va shoʻbalardagi majlislarda 20 dan ziyod oliy ta'lim muassasasi talabalarining 50 ga yaqin ma'ruzalari tinglandi. Faol ishtirok etgan talabalar faxriy yorliq, tashakkurnoma va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Konferensiya yakunida anjuman rezolyutsiyasi qabul qilinib, yoshlar tomonidan bildirilgan fikr mulohazalar muhokama qilingan holda taklif va tavsiyalar tegishli davlat va nodavlat organlarga yuborilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Bir soʻz bilan aytganda ushbu konferensiya ilm-fanga qiziquvchi yoshlar uchun muhim qadam boʻlib, ularning kelgusidagi ilmiy va innovatsion faoliyatiga munosib koʻmak beradi.

1622
Chop etish
Text to speech