Joriy yilning 10-dekabr kuni Jamoat xavfsizligi universitetida “Yurakni madh etgan sado” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi qabul qilingan kunining 32-yilligi munosabati bilan ajoyib tadbir dasturi tashkil etildi. Unda Universitet doimiy shaxsiy tarkibi ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi va davlatimiz madhiyasi yaratilishiga doir videorolik tomoshabinlar nigohiga havola etildi. Tashkil etilgan tadbir dasturini ochib berish uchun so‘z navbatiga chiqqan Universitet boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik I.A.Maxmudov tomonidan madhiyamizning milliy faxr-iftixorimiz ekanligi hamda uni bejizga “Yurakni madh etgan sado” deya tilga olinmasligini butun shaxsiy tarkibga hayotiy misollar orqali yetkazib o‘tdi. Tadbirda o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etgan Universitet Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi, dotsent Asrorbek Sattorov tomonidan madhiyamizning kelib chiqish ildizlari haqida to‘xtalib, uning qay darajada boy tarixga ega ekanligi, uning boshqa madhiyalardan farqi, milliy g‘ururimiz, nomusimiz ekanligi to‘g‘risida hamda jahon arenalarida jaranglashini bir qator faktlar orqali isbotlab berdi. “Yurakni madh etgan sado” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir dasturi Universitet iqtidorli kursantlaridan tuzilgan “Ansambl jamoasi” kursantlarining ajoyib qo‘shiqlaridan iborat chiqishlari bilan yuqori saviyada o‘z nihoyasiga yetdi. Bu kabi davra suhbatlari hamda konsert dasturlari barcha yoshlar uchun haqiqiy vatanga bo‘lgan sadoqat hamda vatanparvarlik fazilatlarini yanada shakllanishiga xizmat qiladi.