O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti va O‘zbekiston fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda jadidchilik g‘oyalarining ahamiyati” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Tarix” instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi yetakchi mutaxassislari ishtirokida 2024 yil 23 yanvar kuni “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda jadidchilik g‘oyalarining ahamiyati” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. Bizga ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik yangilanishlar o‘zining ortga qaytmas hususiyati bilan bugun ahamiyatlidir. XX asr boshlarida jadid allomalar tomonidan ilgari surilgan ezgu g‘oyalar, ilm-fanni, ma’naviyat va madaniyatni yuksaltirish orqali xalqni qaloqlikdan uyg‘otish, milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi harakatlarda ilm-fan rivojining ahamiyati, yangi Renessans yuzaga keltirishdagi sa’yi harakatlari bugungi kundagi “Yangi O‘zbekiston – Uchunchi Renessans sari” g‘oyasi bilan hamohang bog‘liqdir. Jadid ma’rifatparvarlarining “Tilda, ishda, fikrda birlik” degan ezgu g‘oyasi bugungi kunda ham hech ahamiyatini yo‘qotmagan.
Ana shu g‘oyalar va jadidchilik harakati namoyondalarining vatanparvarlik ruhidagi faoliyatini yosh kursant va askarlarga yetkazish maqsadida ushbu anjumanda Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova “Jadid ma’rifatparvarlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev faoliyatiga bir nazar” mavzusidagi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” yetakchi mutaxassisi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muslimbek Alijonovning “Jadidlarning horijiy oliygohlarda tahsili va uning ahamiyati” mavzusidagi, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi professori Jumaboy Rahimovning “Haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalashda jadid g‘oyalarining o‘rni” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi. Anjuman davomida kursant va askarlarning mavzu doirasidagi savollariga mutaxassislar javoblari tinglandi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga jadidchilik haqidagi “ARMON” hujjatli filmi namoyish etildi.