Yoshlarning oʻz hayotlarini belgilashlarida turli muassasa va oliy bilim dargohlariga qiladigan tashriflari, ular bilan yaqindan tanishuvlari muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, el-yurt osoyishtaligini asrashga bel bogʻlagan fidoyilarni toʻgʻri yoʻllayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi Davlat bayrogʻimiz qabul qilinganining 33 yilligiga bagʻishlab alohida tadbir oʻtkazdi. “Milliy gvardiya yoshlar nigohida” shiori ostidagi “Ochiq eshiklar kuni” yosh avlod uchun muhim qadam boʻldi. Boʻlajak yurt qalqonlari yetuk mutaxassis boʻlib chiqishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti zarur oʻquv va moddiy texnik bazasini shakllantirgan. Bu borada universitet jamoasi boshqa turdosh jamoalar orasida oʻziga xos bayroqdor sanaladi. “Ochiq eshiklar kuni” tadbirining aynan Davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan kun arafasida oʻtkazilishida oʻziga xos ramziy ma'no bor edi. Chunki, har bir xalqning gʻururi, erki va koʻrki sanalmish davlat ramzlari orasida bayroq alohida oʻrin tutadi. Oʻzbek davlatchiligi tarixiga nazar tashlasak ham ota-bobolarimiz qadimdan oʻz bayroqlarini hurlik, jasorat, gʻalaba timsoli sifatida baland tutganlar. Sana munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirga Milliy gvardiya otaligʻidagi poytaxtimizning 58-,172-, 219- va 283-maktablaridan 100dan ortiq oʻquvchi yoshlar tashrif buyurdi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarga muayyan harbiy sohaga dadil qadam tashlashlariga yordam berish hamda ularga Vatan himoyachisi kasbi mas'uliyatini tushuntirish edi. Sharafli soha sari qoʻyilayotgan ilk qadamilarni Jamoat xavfsizligi universiteti ostonasida oliy harbiy bilim dargohining harbiy orkestri tantanavor kutib oldi. Shundan soʻng kursantlar universitet saf maydonida yoshlar uchun qoʻl jangi, qurol bilan ishlash, zamonaviy harbiy texnikalar va boshqa yoʻnalishlardagi koʻrgazmali chiqishlarda oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Shiddat, shijoat, kuch va mahorat uygʻunligi har bir yoshni havas hislari bilan chulgʻab oldi. Shundan soʻng oʻquvchi yoshlar osoyishtaligimiz posbonlari boʻlmish kursantlar tomonidan tayyorlangan oʻquv nuqtalari bilan tanishishga kirishdilar. Dastlab, yoshlar Milliy gvardiyada mavjud jangovar texnikalar bilan tanishdilar. Tadbirda nafaqat harbiy texnikalar balki, harbiy xizmat otlari ham bevosita yosh mehmonlar e'tiboriga havola etildi. Umrida egar qoshini tutmagan oʻquvchilar ham kursantlar koʻmagida otga mindilar. Jamoat xavfsizligi universitetida bugun kamyob sanalgan “Qorabayir”, “Axaltaka” singari ot zotlari koʻpaytirilmoqda. Davraga kirib kelgan kinologlar ham itlar yordamida eng havfli portlovchi moddalar va boshqa sovuq qurollarni izlab topish usullarini namoyish etdilar. Yosh yigit- qizlar kursantlar tahsil oladigan mashgʻulot xonalari, zahirasi 30 mingdan ortiq kitob fondiga ega ulkan kutubxona, undagi eng zamonaviy aqlli texnikalar va boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, universitet ofitser ustozlari tashabbusi bilan tashkil etilgan oʻquvchi-yoshlar oʻrtasidagi musobaqa qizgʻin bahslar ostida oʻtdi. Shundan soʻng bolajonlar Jamoat xavfsizligi universitetining “Vatanparvarlik markazi” va muzeyiga taklif etildi. Bu yerdagi moziyga oid va universitet tarixi bilan bogʻliq noyob eksponatlar harbiylar hayotidan alohida hikoya soʻzlaydi. Bundan ta'sirlangan yosh mehmonlar oʻz hayajonlarini darhol izhor etdilar. Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati tomonidan tashkil etilgan “Milliy gvardiya yoshlar nigohida” shiori ostidagi “Ochiq eshiklar kuni” yosh avlod hayotini yana bir yangi sahifa bilan boyitdi. Tadbir soʻngida faol ishtirok etgan yoshlar universitet rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Kunning ikkinchi yarmida shonli bayrogʻimizni tobora baland tutayotgan universitet kursantlari tomonidan 18 noyabr Davlat bayrogʻimiz qabul qilingan kun munosabati bilan Bayram ruhi har bir qalbga kirib borishi uchun poytaxtimizning katta maydonlaridan birida oliy harbiy bilim yurti harbiy orkestri jamoasi bilan oʻziga xos konsert dasturini namoyish etdi. Ayni chogʻda universitet kursantlari maydondan oʻtib borayotgan hamshaharlarga bayrogʻimiz ramzi tushirilgan sharaf lentachalarni taqib chiqdilar. Hammaning koʻzida uchqun, bayram shukuhi. Chor atrofga oqshom qoʻnsa-da, bu shodiyonani tashkil etgan Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi bayram shukuhini ulashishda davom etardi.