Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Jinoyatlarni tergov qilishda k…

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Jinoyatlarni tergov qilishda kriminalistik metodikasini…

Jamiyat hayotining barcha sohalari raqamlashtirilayotgani va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi jinoyat sodir etishning yangi turlari paydo boʻlishiga olib keldi, bu oʻz navbatida jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish boʻyicha yangi tizimlashtirilgan tavsiyalar berish taqazo etmoqda. Ijtimoiy muhitning jadal oʻzgarayotgani va jinoiy faoliyatni tobora murakkablashib borayotgan sharoitlarida tergov usullarini moslashtirish, jinoyatlarni ochish va tergov qilish, shuningdek, ularning sodir etilishining oldini olish boʻyicha yangi tavsiyalar va usullarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu omillarni inobatga olgan holda, 2025-yil 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida «Jinoyatlarni tergov qilishda kriminalistik metodikasining oʻrni va ahamiyati» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Ushbu konferensiya huquq, kriminalistika, surishtiruv, tergovning va ekspertiza sohalari mutaxassislari oʻrtasida fanlararo muloqot uchun noyob maydon boʻldi. Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universitetining professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar jinoyatlarni fosh qilish, raqamli dalillarni olish, toʻplash va qayd qilish xususan, raqamli izlar klassifikatsiyasi, ularning jinoyat-protsessual jihatdan qabul qilinishi boʻyicha huquqiy normalar, shuningdek, kriminalstikada qoʻllaniladigan maxsus texnika, taktik usullar va tergov harakatlarini oʻtkazish masalalarini qamrab oldi. Ishtirokchilar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zaruriyatini ta'kidlashdi va jinoyatlarni tergov qilishda kriminalistika faoliyatini huquqni muhofaza qilish va sud tizimlariga institutsional joriy etish vazifalarini ilgari surishdi. Yakuniy muhokamalar doirasida jinoyatlarni tergov qilishda kriminalistik metodikasi boʻyicha qonunchilik bazasini rivojlantirish, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini joriy etish, akademik va ekspertlik hamkorligini kengaytirish, raqamli kriminalistikani rivojlantirish boʻyicha milliy konsepsiyani yaratish yuzasidan aniq tavsiyalar ishlab chiqildi. Tashkilotchilar va ishtirokchilar ilmiy muloqotni davom ettirish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va xalqaro tajribani integratsiyalash orqali raqamli tahdidlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga oʻzaro manfaatdorlik bildirishdi. Konferensiya davomida ilgari surilgan ilmiy xulosalar va takliflar huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, shuningdek tergov qilishda kriminalistik metodikasi sohasidagi davlat siyosatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

911
Chop etish
Text to speech