Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda kuni munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostidagi vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda. Ushbu oylik doirasida uch avlod uchrashuvlari, ochiq eshiklar kunlari, davra suhbatlari va boshqa vatanparvarlik tarbiyasini o‘zida singdirgan tadbirlar ko‘tarinki ruhba tashkil etib kelinmoqda.
2026-yil 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligiga bag‘ishlangan “Keksalar – yurt fayzi, mardlar – yurt tayanchi!” shiori ostida madaniy tadbir o‘tkazildi.
Toshkent shahar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi “Madaniyat va ma’rifat maskani”da tashkil etilgan madaniy tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Orkestr shaxsiy tarkibi, 4-kursantlar batalyoni kursantlaridan iborat qurol bilan ko‘rgazmali chiqish va “Alvon beretlar” badiiy jamoalari, Markaz nuroniylari ishtirok etdilar.
Tadbirda Orkestr va “Alvon beretlar” badiiy jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va davomli raqslar hamda qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar nuroniy otaxon va onaxonlarga bayramona kayfiyat bag‘ishlash bilan birga, ularning maroqli madaniy hordiq chiqarishlariga hissa qo‘shdi.
Konsert dasturi yakunida markazdagi eng yoshi ulug‘ nuroniylarning bir guruhiga Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyatining esdalik sovg‘alari va bayram tabriklari topshirildi.