Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor!

Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor!

Bundan roppa-rosa bir asr oldin ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy tarbiya haqida kuyinib bunday degan: “Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga javoban: birinchi – uy tarbiyasidur. Bu Onalarning vazifasidur. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasidur. Bu Otalar, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur. “Har bir millatning saodati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir” deya ta’kidlaganlar.

Yoshlar tarbiyasini – hayot-mamot masalasi, deb ta’riflagan mutafakkir naqadar haq ekanini barchamiz bugungi kunda juda yaxshi anglayapmiz. Chunki tarbiyasi mo‘rt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf yo‘q. Balki e’tibordan, nazoratdan chetda qolgan yoshlar mamlakatimiz ravnaqini ko‘rolmaydiganlar uchun tayyor qurol vazifasini o‘tamoqda.

Buni birgina 2023-yilning o‘zida 3500dan ortiq jinoyatning 2280nafari voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilganligida ko‘rishimiz mumkin.

Voyaga yetmaganlarning jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining asosiy sabablarini ijtimoiy-iqtisodiy omillar, jumladan, oila tomonidan e’tibor va nazoratning yetishmasligi, maktabni sababsiz qoldirish, salbiy muhit yoki g‘ayriijtimoiy omillarning ta’siri bilan bog‘lash mumkin.

Konstitutsiyamizning 50-moddasiga asosan “Har kim ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, Umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi. Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidaligi”, shuningdek,
77-moddada “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi” mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Shunday ekan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining maktablardagi davomat masalasi bilan shug‘ullanayotganligining asosiy sababi o‘quvchilarda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” hosil qilishdir. Shu munosabat bilan maktablardagi 2 mingta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilishi belgilandi.

Milliy gvardiya organi maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruh a’zosi hisoblanadi. Ular faqat o‘quvchilarning maktablarga o‘z vaqtida kelishi, dars qoldirgan o‘quvchilarni aniqlash, buning sababini o‘rganish, bu haqda ota-ona yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarni habardor qilish, shuningdek muntazam sababsiz dars qoldirayotgan o‘quvchilarning “ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi yoki Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish” yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi
47-moddasiga asosan ma’muriy jvobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish ishlari amalga oshirmoqda.

Sabina Tursunova 
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti

1617
Chop etish
Text to speech