Turkiston xalqlari tarixida jadidchilik harakati alohida oʻrin tutadi. Bu intellektual salohiyati yuksak ajdodlarimizning mardonavor kurashi edi. Ma'rifatparvarlik yoʻlidagi jadidlar harakatini ta'bir joiz boʻlsa, kichik Renessans deb atamoq oʻrinlidir. Afsuski, mustabid tuzum siyosati mahalliy xalqning bu ilgʻor harakatiga qora chaplab, teskari talqin etib keldi. Bugun tarixga teran nazar tashlab, haqiqatni anglash jarayonida ekanmiz, bunda tarixchi olimlarimizning olamshumul tadqiqotlari bizga mayoq boʻlmoqda. Ana shunday xalqimizning murakkab oʻtmishiga odil baho berguvchi ilmiy tadqiqot shu yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining Ilmiy darajalar beruvchi kengashida kashf etildi. Universitet mustaqil izlanuvchisi Ergasheva Mavluda Zulqandar qizi “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta'limotlar tarixi” ixtisosligi boʻyicha “Turkiston, Buxuro va Xiva jadidlarning davlat va huquq haqidagi qarashlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi himoya qildi. Bu yangi tadqiqot universitet oʻquv dasturidan oʻrin egallagan davlat va huquq nazariyasi, huquqiy ta'limotlar tarixi, davlat va huquq tarixi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquqi hamda inson huquqlari kabi fanlarning oʻqitilishini yanada chuqurlashtiradi. Ya'ni, kursantlar va yoshlarning huquqiy tafakkurini rivojlantirishga, milliy huquqiy ongini mustahkamlashga, ularni el-yurtga sadoqatli, yuksak vatanparvar etib tarbiyalashga hamda jamiyatni ma'naviy jihatdan boyitishga muhim ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.