Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, doʼstlik va birodarlik tuygʼularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuygʼusini kuchaytirishda keng koʼlamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning 13 yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufidagi Jamoat xavfsizligi universiteti 2-kursantlar bataloni shaxsiy tarkibi oʼrtasida Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi Oʼzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri ham amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yana bir yorqin isbotidir. Oʼtkazilgan tadbirda Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar kursantlar ishtirok etishdi. Qizgʼin oʼtgan tadbir jarayonida faxriylar yoshlarga oʼzlarining xizmat faoliyati davomida sodir boʼlgan turli qiziq voqealar, hayotiy boy tajribalari, oʼgitlari bilan oʼrtoqlashishdi va oʼz oʼrnida yoshlar tadbir yuzasidan faxriylardan oʼzlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Tadbir davomida Jamoat xavfsizligi universiteti faoliyati haqida namoyish etilgan videoroliklar va kursantlar tomonidan taqdim etilgan ijodiy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga alohida zavq bagʼshladi. Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar faxriylariga esdalik sovgʼalari topshirildi va ular bilan esdalik uchun surʼatga tushildi.