Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Qurolli kuchlarimizning 33 yilligi va 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Yangi Oʼzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida bayram tadbiri oʼtkazildi. Unda universitet boshligʼi, polkovnik Mirzayusuf Rustambayev soʼzga chiqib, oʼz hayotini el-yurt osoyishtaligini saqlashdek ulugʼ va olijanob ishga bagʼishlagan harbiy xizmatchilar, professor-oʼqituvchilar, kursant va talabalarni umumxalq bayrami va qutlugʼ sana bilan samimiy tabrikladi. Notiq oʼz soʼzida soʼnggi bir yil davomida Qurolli kuchlarimizda olib borilgan islohotlar, bu jarayonda jamoaning erishgan yutuqlari, oldindagi muhim vazifalar, haqiqiy vatanparvarlik burchi, harbiy taʼlim tizimida kursant va talaba yoshlarning ishtirokiga alohida baho berdi. Shundan soʼng Vatan oldidagi xizmat burchini oʼtashda fidoyilik koʼrsatayotgan Jamoat xavfsizligi universitetining harbiy xizmatchilari, prorfessor oʼqituvchilariga diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʼalari topshirildi. Bunday quvonchli onlar katta bayram kontsertiga ulanib ketdi. Unda xalqimiz suygan “Surxon” guruhi, Jamoat xavfsizligi universitetining orkestr jamoasi, isteʼdodli harbiy xizmatchi, kursant va talabalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdilar.