Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti yana bir muhim tadbirga mezbonlik qildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlar instituti va ichki ishlar vazirligi malaka oshirish instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Memorandumni imzolashdan asosiy maqsad – ilmiy tadqiqot muassasalarining qonun ustuvor boʻlgan jamiyat xavfsizligini ta'minlash yoʻlidagi ilmiy kuzatuvlarni hamkorlikda olib borgan holda tadqiqotlar samaradorligini oshirish boʻldi. Shuningdek, oʻzaro aloqalarni oʻrnatish orqali har tomonlama manfaatli ilmiy-amaliy seminarlar, trening va konferensiyalar tashktil etish, oʻquv jarayonlariga sohaning yetakchi ekspertlarini jalb etish koʻzda tutilgan. Unda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelgusidagi eng muhim yoʻnalishlar belgilab olindi. Memorandum imzolanishiga bagʻishlangan tadbirda soʻz olganlar ilmiy hamkorlik yuzasidan oʻz fikrlarini oʻrtaga tashlar ekanlar, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu avvalo ilm-fan, ta'lim va tarbiya ekaniga alohida urgʻu berdilar. Mazkur ilm dargohlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtgan memorandum imzolash tadbiri sohadagi muhim jarayonga hamkorlikda qoʻyilgan ilk qutlugʻ qadam boʻldi.