Dastlab ochiq muloqot oʻtkazilib, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining birinchi oʻrinbosari Qahramon Isroilov tomonidan kursantlarga nazariy tayyorgarlikni amaliyot bilan uygʻun holda olib borish, protsessual qonun hujjatlaridagi yangiliklar va Harbiy prokuratura organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqida ma'lumotlar berildi. Oʻquv mashgʻulotlari, ayni jarayonda Toshkent, Chirchiq, Guliston va Jizzax harbiy prokuraturalarining tergovchilari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi “Tergov poligoni”da oʻtkazilayotgan mahorat darslariga ulanib ketdi. Mashgʻulotlarda mas'ul harbiy prokuror-tergov xodimlari hamda taklif etilgan ekspert-mutaxassislar tomonidan kursantlarga tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini olib borishning muhim jihatlari, ularning huquqiy asoslari, ekspertiza tayinlashda e'tibor qaratiladigan masalalar, tergov harakatlarini rasmiylashtirish shartlari haqida atroflicha tushunchalar berildi. Soʻngra kursantlar Harbiy prokuratura muzeyi va “Ma'naviyat burchagi” hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu kabi tadbirlar kursantlarning koʻnikma va mahoratini amaliy faoliyat bilan hamohang tarzda muntazam oshirib borishga xizmat qiladi.