Yurtimizga go‘zallik fasli bo‘lmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uyg‘otib, o‘zining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi go‘zallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofini obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik, saranjomlik bor joyda doimo baraka va ko‘rkamlik bo‘ladi. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan ayni vaqtda, mahallalarda, ko‘cha va guzarlar, xiyobon va ziyoratgohlarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlarga Milliy gvardiya tasarrufidagi Jamoat xavfsizligi universiteti ham bel bog’lagan. Mamlakatimizda “Navro'z” umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi belgilandi. Bugun yurtimiz boʻylab umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Umumxalq xayriya hasharida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti shaxsiy tarkibi ham faol ishtirok etmoqda. Mazkur xayriya hasharida harbiy xizmatchilar universitet hududiga har xil turdagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlari va gullar ekib, ish joyini obod qilishmoqda. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ham “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostidagi ushbu ezgu ishdan chetda qolmadi. Hashar davomida Universitet tasarrufidagi 1-sonli xizmat uyi hududida tozalash, daraxtlarni oqlash va chiqindilarni yigʻish ishlari bajarildi. Shuningdek, harbiy gospitalda davolanayotgan harbiy xizmatchilar holidan xabar olindi. Bunyodkorlik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, bog‘ yaratish xalqimizning azaliy xislatlaridan sanaladi. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi.