Ma'lumki, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻining 2023 yil 6 dekabrdagi 529-sonli buyrugʻiga asosan, joriy yilning 13 dekabr kuni “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash” kafedrasiga biriktirilgan Pedagogika va psixologiya fanlari (jumladan, harbiy pedagogika va psixologiya fanlari) boʻyicha mustaqil tadqiqotchilarning faoliyatini oʻrganish boʻyicha Monitoring komissiyasi a'zolari ishlar olib bordi. Monitoring komissiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻining ilmiy ishlar va innovasiyalar boʻyicha oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, professor, mayor Sh.Zulfiqarov ishtirok etib, kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz soʻzida universitet boshligʻi tomonidan bugungi kunda tadqiqot ishlari va tadqiqotchilarga qoʻyilayotgan talablar, shuningdek, tadqiqot ishini olib borayotgan doktorant va mustaqil izlanuvchilarning mavzularini shakllantirishda, maqsad va vazifalarni belgilashda jamoat tartibini ta'minlash va jamoat xavfsizligini saqlashda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruxiy barqarorligini oʻrganishga qaratilgan mavzularga alohida e'tibor qaratilishi belgilanganligini ta'kidlab oʻtdi. Xususan, izlanuvchilar tomonidan tadqiqot ishlarini amaliyotga joriy etilishiga, kelajakda xizmat faoliyatida samarali foydalanish jihatlariga alohida ahamiyat qaralishi lozimligi e'tirof etildi va dissertasiyalar himoyasini oʻz muddatida amalga oshirish zarurligi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi. Bu safargi yigʻilish noan'anaviy tarzda oʻtkazilib, Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash kafedrasi dosenti psixologiya fanlari doktori (DSc), dosent M.L.Saipova tomonidan OAK ning “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” hamda “Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” bandlari talablari asosida malakaviy imtihonlarni sessiya davrida oʻtkazish, PhD va DSc ilmiy darajasiga talbgorlarga OAK roʻyxatidagi respublika hamda xalqaro ilmiy jurnallarda, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalarda chop etilgan maqolalarning soni hamda fan tarmoqlari boʻyicha jurnallar roʻyxati boʻyicha ma'lumotlar berib oʻtdi. Monitoring ishtirokchilari uchun bugungi kunda Ilmiy seminar va kafedra muhokamasidan muvafaqqiyatli oʻtib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan tadqiqotchilar tomonidan dissertatsiya ishini dolzarbligi, maqsad va vazifalari, ilmiy yangiligi, olingan natijalar va ishlab chiqilgan taklif tavsiya boʻyicha ma'ruza qilindi.