Psixologik xizmatni tashkil etishga zamonaviy yondashuv

Psixologik xizmatni tashkil etishga zamonaviy yondashuv

Butun jahonda yuzaga kelayotgan bugungi murakkab vaziyat, jumladan, mintaqamizdagi turli tahdid va xatarlar harbiy xizmatchi va xodimlarning psixologik tayyorgarligiga yangicha yondashishni taqozo etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimlarida ham shaxsiy tarkibning psixologik tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilib, sohaga ilg‘or xorijiy tajribalar va ilmiy izlanishlar natijalarini tadbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur maqsadlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Oliy harbiy ta’lim muassasalari va harbiy qismlarda psixologik xizmatni tashkil etishga zamonaviy yondashuv: nazariya va amaliyot” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ixtisoslashtirilgan va mintaqaviy o‘quv markazlari o‘qituvchilari, inspektor-psixologlar, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari, kursant va tinglovchilari, mamlakatimiz va xorijning yetakchilari oliy ta’lim muassasalari olimlari, amaliyotchi-psixolog mutaxassislar hamda mustaqil izlanuvchilari qatnashishdi. Xalqaro anjumanda Rossiya Federatsiyasi IIV Krasnodar universiteti psixologi, yu.f.d., professor A.A. Kaganova, Qozog’iston Respublikasi Pedagogika universiteti professori G.S. Saudabaeva, Ukraina Respublikasi Milliy akademik pedagogika instituti katta ilmiy xodimi, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) V.P. Chudakova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Akademiyasi “Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyat” kafedrasi katta o‘qituvchisi Yo.A. Farfiyev, Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professori ps.f.d. (DSc), dotsent D.S. Abdullajanovalar ma’ruza va mavzuga doir fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Harbiy xizmatchi xodimlarning psixologik xizmat ko‘rsatish uslublarining o‘ziga xos jihatlari”, “Jamoat xavfsizligini ta’minlashda harbiy supervizorlarning o‘rni va ularni tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari: muammo va yechimlar” “Ichki ishlar organlari faoliaytida psixologik xizmat: nazariya va amaliyot”, “Oliy harbiy ta’lim muassasalari va harbiy qismlarda psixologik xizmatni tashkil etishga zamonaviy yondashuv: nazariya va amaliyot”, “Shaxsning o‘ziga xos xususiyatlari va uni professonallashtirish” mavzulari ilmiy-amaliy jihatdan yoritib berildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan rezolyusiya qabul qilinib, 80 dan ortiq maqola va tezislardan iborat konferensiya materiallari to‘plamini nashr etishga kelishib olindi.

 

472
Chop etish
Text to speech