Milliy gvardiya bilan birgalikda maktablarga tartib kirib keldi

Milliy gvardiya bilan birgalikda maktablarga tartib kirib keldi

Yurtimizda maktablardagi holat, maktab hayotidagi oʻzgarishlar har bir vatandoshimizni qiziqtiradi. Chunki, har bir oilaning a'zosi albatta maktab davrini boshidan kechiradi, oʻquvchilik davrini suradi. Mening ham bir qizim va bir oʻgʻlim maktabda oʻqiydi. Oʻzim ham maktabda oʻqigan davrlarimni shirin hotira sifatida koʻp yodga olaman. Ayniqsa, maktabda oʻqituvchi sifatida onajonim boshlangʻich ta'lim oʻquvchilariga uzoq yillardan beri ta'lim berishlari sababli maktab sohasidagi har qanday oʻzgarish menda katta qiziqish va alohida e'tibor uygʻotadi.
Oxirgi yangiliklar sifatida milliy gvardiya xodimlarining maktablarda tartibni saqlash va davomatni ta'minlashdagi faol harakatlarni boshlaganini aytish joiz. Ijtimoiy tarmoqlarda milliy gvardiya xodimlarining maktablarga koʻmaklashayotganini boshqacha talqin qilib, norozichilik bildirilgan fikrlarga ham koʻzim tushdi. Bunda video-material “Maktab yoki qamoqxona. "Milliy gvardiya" maktablarda nima qilmoqda?” deb nomlanib, sarlavhaning oʻziyoq qattiq tanqidiy va qarshilik kayfiyatini ko'rsatib turgan edi.
Qiziqib, videoni koʻrib chiqdim. Men bu videoda aytilgan fikrlariga qoʻshila olmadim. Chunki men hayotda oʻzim kuzatib, eshitib, guvoh boʻlayotgan real hodisalar bu fikrning aynan teskarisi edi. Jumladan, onajonim oʻqituvchi sifatida Milliy gvardiya xodimlari ularga oʻquvchilarni maktabga jalb qilish, davomatni yaxshilash, tarbiyasi ogʻir boʻlgan, boʻyi oʻqituvchisiga “ikkita” keladigan oʻquvchilarni tartibga solishda juda katta koʻmak berayotganidan hursand edilar. Chunki endilikda aziz ustozlarimiz, muallimlarimiz uyma-uy yurib uzoq muddat kelmayotgan oʻquvchilarni maktabga keltirish, farzandlarini maktabga joʻnatmayotgan ba'zi ota-onalarga yalinish, har safar darsga kechikib kelib, mashgʻulotlarda tartibni buzayotgan va xatto ota-onasiga ham boʻysunmayotgan, “yerga ursa osmonga sapchiydigan” bezori yoshlar bilan tushuntirish ishlari bilan band boʻlib qolish kabi majburiyatlardan xalos boʻlishgan edi. Ustozlar endilikda koʻproq vaqtini darslarni sifatli oʻtish, oʻz malakasini oshirish, darslarga alohida e'tibor bilan tayyorgarlik koʻrish, yangi bilimlarni egallashga sarflamoqdalar.
Darhaqiqat, mamlakatimizda 2023-2024 oʻquv yilida 10 ming 160 dan ortiq maktablar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularda 6,5 mln.ga yaqin oʻgʻil qizlarimiz, farzandlarimiz ta'lim olmoqdalar. Ulardan 843,5 ming dan ortiq oʻquvchilar aynan 16 yosh va undan kattalar hisoblanadi. Ayniqsa, oxirgi paytlarda yuqori sinf oʻquvchilarini tartibga solishda ota-onalar, oʻqituvchilarning kuchi yetmayotgan edi. Natijada oʻquvchilar oʻrtasida maktab hududida, mahallalarda oʻzaro mushtlashuvlar, guruh-guruh boʻlib oʻzaro janjallar, hatto pichoqbozliklar ham kuzatilayotgan edi. Narkomaniya, oʻgʻirlik, tovlamachilik kabi yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilikning kelib chiqishining asosiy sababi ham aynan ba'zi yoshlarning maktabga borish oʻrniga koʻchalarda sangʻishi va bekorchilik holatiga tushib qolgani edi.
Shaxsan men gvardiya xodimlarining maktab tartibini saqlashga biriktirilishini ijobiy qabul qildim. Chunki, koʻnglim hotirjam, maktabdan endilikda burni qonab, turli janjallar tufayli bir-birining qoʻlini sindirib kelgan oʻquvchilar boʻlmaydi, psixotrop moddalar, ichkilik, sigareta chekish kabi illatlar oʻquvchi yoshlarimizga yaqinlasha olmaydi, maktab hududiga tashqaridan ba'zi gʻarazli niyatlar bilan farzandlarimizni yoʻldan ozdirmoqchi boʻlganlardan gvardiyachilarimiz ishonchli qoʻriqlayotganidan ota yoki ona sifatida hotirjamlik tuygʻusini his qilamiz. Natijani qarang, bir oy davomida, ya'ni joriy yilning 6 fevral kunidan 7 mart kuniga qadar Milliy gvardiyaning koʻmagi natijasida, 1 mln 769 ming nafar oʻquvchi maktablarga qaytarildi, ya'ni ularning turli nobop yoʻllarga, jinoyat ostonasiga qadam qoʻyishlarining oldi olindi. Hozirda respublika buyicha maktablarda davomat 97,7 foizga etdi. Bu boshlanishiga juda yaxshi natija.
Xulosa sifatida aytmoqchimanki, Milliy gvardiyaning asosiy vazifasi boʻlmish jamoat tartibini saqlash avvalo maktablardan, mahallalardan boshlangani oʻzining katta samarasini bermoqda. Maktablarda tartib va intizom kuchaysa, qonunchilikka qat'iy rioya qilishga oʻrganilsa, barcha farzandlarimiz darslarga oʻz vaqtida va har kuni qatnay boshlasa, oʻqituvchilarni turli ziddiyatli holatlardagi majburiyatlardan ozod qilinsa bu faqat ta'lim sifatining oshishiga yordam beradi. Chunki, tartib va intizom boʻlmagan joyda samaradorlik haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.

Iqtisodiyot fanlari doktori,

Valiev Bobur Batirovich.

900
Chop etish
Text to speech