Insoniyat yaralibdiki, uning turmush tarzida bayramlar alohida ahamiyatga ega boʻlib keladi. Xalqimiz urf-odat va an'analariga xos boʻlgan ana shunday bayramlardan biri bu Navroʻz bayramidir. Navroʻz bayrami eng qadimiy bayramlardan biri boʻlib, uning tarixi miloddan avvalgi davrlarga borib taqaladi. Ushbu bayram kunlarida xalqimizning mingyillik goʻzal urf-odatlari, an'analari roʻyobga chiqadi. Jumladan, umumxalq hasharida mahallalar, koʻchalar, xiyobonlar va uy-joylar tozalanadi, daraxtlar ekiladi va oqlanadi. Yolgʻiz qariyalar, bemor yotgan kishilar yoʻqlanadi. Sumalak, halim, osh kabi milliy taomlar tayyorlanib, xalqqa tarqatiladi. Kurash va koʻpkari kabi milliy, qadimiy sport oʻyinlari tashkillashtiriladi. Ana shunday xayrli ishlarning davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash” kafedrasi tomonidan A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyida “Xush kelding bahor!” shiori ostida sumalak sayli tashkillashtirildi. Tadbirning badiiy qismida tarbiyalanuvchilarga Universitet orkestri, 4-kursantlar bataloni kursantlaridan iborat “Alvon beretlar” badiiy jamoasi ishtirokida sahna koʻrinishlari va konsert dasturi namoyish etildi. Sumalak saylida tarbiyalanuvchilarga doshqozon atrofida Navroʻz bayrami va xalqimizning eng sevimli taomi boʻlgan sumalakning kelib chiqish tarixi, milliy urf-odat hamda an'analarimiz haqida suhbatlar tashkil etildi. Doshqozon atrofida tashkil etilgan oʻyin-kulgular va qiziqarli suhbatlar tarbiyalanuvchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. Bayram munosabati bilan tayyorlangan sumalak Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va muassasa jamoasiga tortiq qilindi.