Ma’lumki, professional kadrlar tayyorlashda ta’lim jarayoni sifatini muntazam ravishda oshirib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada kursantlar o‘rtasida turli xil musobaqalar, intellektual tanlov va fan olimpiadalarini tashkil etish orqali raqobat muhitini yaratish ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun tashlangan to‘g‘ri yo‘l sanaladi. Jamoat xavfsizligi universitetida ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Xususan, Universitet “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan hamkor oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Pedagogika” va “Psixologiya” fanlaridan test sinovlari asosida olimpiada o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi va Universitet kursantlari ishtirok etishdi. Fan olimpiadasini ko‘zlangan maqsad – kursantlar iqtidorini kashf etish, ularning intellektual salohiyatini oshirish, qolaversa, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Olimpiada ishtirokchilari belgilangan fanlar bo‘yicha My test tizimi orqali elektron tarzda 50 ta test topshiriqlaridan iborat sinovlarni topshirishdi. “Pedagogika” va “Psixologiya” fanlaridan tayyorlangan test topshiriqlarini ishlash uchun kursantlarga belgilangan vaqt ajratildi. “Pedagogika” va “Psixologiya” fanlari bo‘yicha test savollarini tayyorlashda fan doirasidagi nazariy bilimlarni qamrab olish, ijtimoiy hayot bilan ham bog‘liq bo‘lish kabi mezonlar inobatga olindi.
Fan olimpiadasi natijalariga ko‘ra, quyidagi natijalar qayd etildi:
“Pedagogika” fanidan:
1-o‘rin – Jamoat xavfsizligi universiteti 121B-o‘quv guruhi kursanti Bazarbay Yo‘ldashev;
2-o‘rin – Jamoat xavfsizligi universiteti 411B-o‘quv guruhi kursanti Jahongir Muratov;
3-o‘rin – IIV Akademiyasi 2-bosqich kursanti Farangiz Abduraxmonova;
“Psixologiya” fanidan:
1-o‘rin – Jamoat xavfsizligi universiteti 411A-o‘quv guruhi kursanti Sohib Yamonqulov;
2-o‘rin – IIV Akademiyasi 2-bosqich kursanti Dinara Nashbandova;
3-o‘rin – Qurolli Kuchlar Akademiyasi 3-bosqich kursanti Sardor Siddiqov.
Fan olimpiadasi g‘oliblari va ularning ilmiy rahbarlari Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati tomonidan diplom hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.