Jinoyat protsessida sud nazoratining yanada takomillashtirilishi, milliy adolat tizimining mustahkamlanishi va sud-huquqiy jarayonlarning shaffofligi, samaradorligi tamoyillariga asoslanib, huquqiy islohotlar doirasida dolzarb masala sifatida e’tirof etilmoqda. So‘nggi yillarda sud nazorati sohasidagi o‘zgarishlar va innovatsion yondashuvlar, jinoyat protsessining har bir bosqichida adolatni ta’minlash va sud faoliyatining sifatini oshirishga qaratilgan tizimli choralarni talab etmoqda. Shu borada sud nazorati mexanizmlarini nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi yechimlar taklif etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida 2025-yil 24-fevral kuni “Jinoyat protsessida sud nazoratini yanada takomillashtirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy maktabi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor M.X.Rustambayev tomonidan ochilib berildi. Shu bilan birga, “Jinoyat protsessida sud nazoratining nazariy asoslari” mavzusida huquqiy tamoyillarni yorituvchi ma’ruza taqdim etildi. “Sud nazoratining amaliy takomillashtirish usullari va istiqbollari” mavzusida esa ekspertlar tomonidan zamonaviy tajriba va ilg‘or texnologiyalar asosida amaliy yechimlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, “Xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlar asosida sud nazoratining modernizatsiyasi” bo‘yicha taqdimotlar orqali xalqaro me’yorlar bilan moslashtirish masalalari keng yoritildi. Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollar va javoblar orqali dolzarb masalalar qizg‘in muhokama qilindi hamda takliflar ishlab chiqildi. Ilmiy-amaliy konferensiya davomida o‘tkazilgan ma’ruzalar, muloqotlar va fikr almashishlar natijasida, milliy sud tizimini yanada takomillashtirish va huquqiy islohotlarni chuqurlashtirish borasida qat’iy takliflar ishlab chiqildi. Tashkilotchilar va ishtirokchilar konferensiya yakunida kelgusida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirish va sud nazorati sohasidagi tajribalarni amaliyotga tadbiq etish borasida umumiy kelishuvga erishdilar. Konferensiya ishtirokchilari va mutaxassislar fikricha, jinoyat protsessida sud nazoratining yanada takomillashtirilishi, nafaqat amaldagi qonunchilikni samarali qo‘llash, balki yangi, innovatsion yondashuvlarni joriy etish orqali milliy adolat tizimining mustahkamlanishiga sezilarli hissa qo‘shadi.