“Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

“Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

2025-yil 24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi va  Magistratura tomonidan “Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi” fani doirasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Magistratura tinglovchilari “Tanishtiruv”, “Mahorat darsi”, “Test topshirig‘i”, “Zakovat” shartlari asosida o‘zaro bellashdilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ–5077-son “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq Jamoat xavfsizligi universitetida tashkil etilgan “Jamoat xavfsizligini tezkor-taktik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati”, “Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati”, “Qo‘riqlash faoliyatini ta’minlashning qo‘mondonlik-muhandislik faoliyati”, “Jamoat xavfsizligi”, “Iqtisodiy xavfsizlik” Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari ofitserlaridan iborat tinglovchilar tahsil olmoqdalar.

Mazkur ko‘rik-tanlov tinglovchilarning “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi” faniga oid bilimlarini, mashg‘ulot o‘tkazish bo‘yicha pedagogik mahoratini oshirish, intellektual salohiyatni yanada yuksaltirish, bilim olishga bo‘lgan intilishlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilib, malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘yilayotgan zamonaviy talablar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

“Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi tinglovchilarning boshqaruvchanlik, liderlik, jamoaviy ruh salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Bu esa, zamonaviy rahbar, komandir va boshliqning amaliy tajribasiga ko‘maklashish kabi muhim kasbiy kompetensiyasi hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda komandir va boshliq nafaqat buyruq ijrochisi, balki strategik qaror qabul qiluvchi, xavfsizlik tahdidlarini oldindan ko‘ra biluvchi va tizimli tahlillar asosida nazorat o‘rnatuvchi hamda vaziyatni boshqaruvchi shaxs bo‘lishi talab etiladi. Ushbu intellektual ko‘rik-tanlov aynan shunday yuqori intellektual va boshqaruv salohiyatini namoyon etish imkoniyatini yaratadi.

“Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i U.O.Mamadaliyev, Ichki ishlar vazilrigi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti, Ichki ishlar vazilrigi Qorovul qo‘shinlari mas’ul ofitserlari hamda Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Magistratura rahbariyati tarkibidan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.  

Hakamlar hay’ati tomonidan berilgan baholar sarhisobiga ko‘ra,  “Sarbadorlar” jamoasi birinchi o‘rinni, “Huquqshunoslar” jamoasi ikkinchi o‘rinni, “Sohibqiron avlodlari” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Eng ilg‘or metodist” nominatsiyasiga tinglovchi M.A.Musaev, “Eng bilimdon tinglovchi” nominatsiyasiga tinglovchi Z.T.Turakulov, “Eng zukko jamoa” nominatsiyasiga “Tadqiqotchi psixologlar” jamoasi munosib deb topildi.

“Harbiy supervayzer” magistrlar intellektual ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyatining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

2963
Chop etish
Text to speech