Ma'lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” toʻgʻrisidagi rezolyusiyasiga koʻra, gender tenglikni ta'minlash kafolati sifatida ayollar va qizlarning fan, texnika va innovatsiyalar yutuqlari rivojidan teng va toʻlaqonli foydalanish imkoniyati e'tirof etilgan.
Mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 yanvarda oʻtkazilgan yigʻilish bayonida belgilangan vazifalar yuzasidan Oʻzbekiston olima ayollarining respublika va xorijiy mamlakatlarda erishgan salmoqli natijalarini ommalashtirish, bilim olishga boʻlgan qiziqishni oshirish va yosh xotin-qizlarni fan va ta'limga faol jalb etish, xotin-qizlar va yosh qizlarning salohiyatini ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning madaniy-ma'rifiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatdagi nufuzini yanada oshirish maqsadida 2024 yilning 13-15 fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Respublika Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Ixtirochi ayollari markazi, Integral universiteti (Hindiston) hamkorliklarida Innovator ayollar-2024 Women in STEM xalqaro ilmiy forumi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Harbiy-vatanparvarlik, ma'naviy-ma'rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi boshligʻi oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor, podpolkovnik Akramova Shaxnoza Abrorovna ham oʻzining “Harbiy-ayollarning ilm-fan sohasiga qoʻshayotgan hissalari” mavzusidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.