O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi tashabbusi bilan 2025 yil 22 may kuni “Harbiy xizmatchilarga psixologik xizmat ko‘rsatishning psixologik mexanizmlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyaning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilarga psixologik xizmat ko‘rsatishning psixologik mexanizmlarini o‘rganish, nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir. Konferensiyani Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiya bo‘yicha o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor mayor Zulfiqorov Sherzod Xurramovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisi offlayn tarzida o‘tkazilgan plenar majlisida xususan mahalliy Oliy harbiy, Oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlardan: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent xalqaro moliya boshqaruv va texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon tillari unversiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasa professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari va ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar. Konferensiya ishtrokchilariga Konferensiya mavzusi yuzasidan ishlab chiqilgan savolnomalar tarqatildi. Respublika ilmiy-amaliy anjumanda harbiy xizmatchilarga psixologik xizmat ko‘rsatish borasida jahonning rivojlangan davlatlar Qurolli Kuchlari tajribasi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohatlar, psixologik xizmatni yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilarga psixologik xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishning eng dolzab masalalari muhokama qilindi. Tadbir so‘nggida konferensiyada ishtirokchilari tomonidan muhokama etilgan masalalar hamda berilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan rezolyusiya qabul qilinib, kelgusidagi hamkorlik ishlari kelishib olindi.