Farzandlarimiz taqdiriga befarq boʻlmaylik!

Farzandlarimiz taqdiriga befarq boʻlmaylik!

Ba'zi oto-onalar degan iborani ishlatgan holda unga umumiy fon bermaslik lozim. Qani koʻramiz (tomoshangni) qabilida emas, shu yurtni farzandi sifatida har bir yaxshi niyat bilan boshlangan ishga yordam bermoq lozim. Yordam bera olmasa populistik chiqishlar bilan ommani chalgʻitmay, jim turish ham jamiyat uchun katta yordamdir. Asosiy Qomusimiz hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 77-moddasida “ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekanliklari”, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Ta'lim toʻgʻrisida”gi Qonuni 51-moddasida “voyaga etmagan ta'lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy oʻrta, oʻrta maxsus ta'lim yoki boshlangʻich professional ta'lim olishini ta'minlashi shart ekanligi” qat'iy belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 5 fevral kuni ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda maktablarda ogʻriqli masalalardan biri, bu – tarbiya va ma'naviyat ekanligi, 2023 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3,5 mingta jinoyatlar sodir etilganligi, jinoyat sodir etgan shaxslarning 2.280 nafarini maktab oʻquvchilari tashkil etishi ta'kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 fevral kunidagi “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida qonunbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlarining inspektor-psixolog shtatlari Milliy gvardiyaga oʻtkazilganligi bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida muhim qadam boʻldi. Qarorga asosan, voyaga yetmaganlar oʻrtasida qonunbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatining ustuvor vazifalari belgilab berildi. Ma'lumki, inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi oʻquvchilarning ta'lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan koʻmaklashish, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish, ular tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onalari bilan ishlash va boshqa shu kabi vazifalardan iborat. Shu munosabat bilan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Milliy gvardiya mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan yurtimizdagi qator umumta'lim muassasalarida oʻquvchilarning darslardagi ishtirokini ta'minlash, ularning ta'lim-tarbiyasini ota-onalar va mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etish boʻyicha oʻrganish ishlarini olib bormoqda. Oʻrganishlar natijasida darslarga muntazam (uch oʻquv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xatlari” yuborilmoqda. “Ogohlantirish xati”da oʻquvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad – darslarda ishtirok etmayotgan oʻquvchilarning oila a'zolari mas'uliyatini oshirishdan iborat. Ta'kidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining “Bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik” deb nomlangan 47-moddasida ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi, bolalarning majburiy umumiy oʻrta ta'lim, oʻrta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilish koʻrinishidagi huquqbuzarliklar uchun tegishli ma'muriy javobgarliklar belgilangan. Ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki Milliy gvardiya xodimlari tomonidan oʻquvchilarning davomati bilan birga, oʻqituvchilarning faoliyati ham nazorat qilinayotganligi, ularning faoliyatiga aralashish holatlari kuzatilayotganligi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. Shuni unutmaslik lozimki, maktab oʻqituvchilari va xodimlarining ishga kelib-ketishi, mehnat majburiyatlariga hamda mehnat intizomiga rioya qilishlari faqatgina Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan nazorat qilinadi. Shuningdek, yaqindagina qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari va ular faoliyatining asosiy kafolatlari qonun darajasida belgilab qoʻyildi.

Ikmatullayev Gʻayrat Zokirovich,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti

 

823
Chop etish
Text to speech