Yurtimiz va jahonda xalqimizga xos bo‘lgan mardlik, jasurlik, vatanparvarlikni o’zida aks ettira olgan milliy kurashni ommalashtirish, rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu musobaqa to’rt kun davom etadi. Kattalar o’rtasida o’tkazilayotgan ushbu sport musobaqasida erkaklar va ayollar 16 vazn toifasida bahs olib boradi. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan eng sara polvonlar o‘rtasidagi murosasiz bellashuvlarni minglab sport ixlosmandlari diqqat bilan kuzatib borishadi. Bir necha ming yildirki jasorat, mardlik va halollikning timsoli sifatida rivojlanib kelgan o’zbek kurashi istiqlol yillarida butun dunyoda “kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh” kabi atamalari, yorqin lahzalari, shiddati, nufuzi bilan ham dong taratdi. Buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimizdan meros bo’lgan kurash sportining boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, yoshlarning milliy sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashda bu kabi musobaqalarning o’rni beqiyos. Musobaqaning ilk kunida barcha kurashchilar vazn o’lchash marosimida ishtirok etadi. Chinakam bahslar esa, 19-21 fevral kunlari bo’lib o’tadi. Musobaqa yakunida barcha vazn toifalarida (erkaklar va ayollar) g’olib va sovrindorlarga medal, diplom hamda kuboklar topshiriladi.