Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi”da 4 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi F-72 sonli farmoni hamda Milliy gvardiya qoʻmondonining 2023-yil 28-noyabrdagi 97-sonli farmoyishida belgilab berilgan tadbirlar doirasida Toshkent “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari uchun “Konstitutsiya – adolat tantanasi” mavzusida mashgʻulot oʻtkazildi. Mashgʻulotni tashkil etish va oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Jinoyat huquqi fanlari kafedrasi dosenti Mohinur Muhammadieva ishtirok etdi. Ma'ruzachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgarishlar va ularning fuqarolar huquq va manfaatlarni himoya qilishda tutgan oʻrni va roli, konstitutsiyaviy huquq doirasida mamlakat sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida ma'lumotlar berildi.
Mashgʻulot davomida Toshkent “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari tomonidan berilgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat va Fuqarolik kodekslari boʻyicha savollarga ma'ruzachi M. Muhammadieva tomonidan toʻliq hamda asosli javoblar qaytarildi. Oʻquvchilar bilan Konstitusiyaga oid tezkor savol-javoblar oʻtkazildi.
M.Muhammadiyeva tomonidan bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti huquqshunos olimlari tomonidan mamlakat qonunchiligini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumotlar berib oʻtildi.